Xitoy internet ishlari bo‘yicha davlat boshqaruvi idorasi sputnikli yuqori polosali internet uchun yangi qoidalar loyihasini eʼlon qildi. Ushbu qoidalar milliy xavfsizlik va senzuraga alohida eʼtibor qaratadi.
Qoidalar Xitoy hududida sputnik xizmatlarini ko‘rsatish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sputniklarga ulanadigan uskunalardan foydalanishni tartibga soladi. Hujjatda axborot mazmunini nazorat qilishga katta eʼtibor berilgan. Sputniklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanadigan terminal uskunalaridan quyidagi mazmundagi axborotni tarqatish taqiqlanadi:
- Hokimiyatga yoki sotsialistik tuzumga bo‘lgan ishonchni susaytiruvchi;
- Xitoyning milliy xavfsizligi va manfaatlariga tahdid soluvchi;
- Mamlakatni bo‘linishga olib keluvchi yoki jamoat tartibini buzuvchi;
- Terrorizm, ekstremizm, jismoniy zo‘ravonlik yoki pornografiyani targ‘ib qiluvchi;
- Millatlararo adovat va dushmanlikni qo‘zg‘atuvchi;
- Qonun bilan taqiqlangan yolg‘on axborotni tarqatuvchi.
Qoidalar loyihasida sputnik xizmatlari operatorlari uchun majburiyatlar ham belgilangan. Kompaniyalar milliy xavfsizlik va tarmoq xavfsizligi talablariga rioya qilishi va noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Kompaniyalar Kiberxavfsizlik, maʼlumotlarni himoya qilish va shaxsiy maʼlumotlar to‘g‘risidagi Xitoy qonunlariga muvofiq ishlashi kerak, bu esa foydalanuvchilar faoliyati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni anglatishi mumkin.
Uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uskunalar xavfsizligini taʼminlashi va ulardan foydalanishni nazorat qilishi kerak. Ular noqonuniy faoliyatni oldini olishda hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilishi va qonun buzilishi aniqlansa, foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
Tartibga solishga bo‘ysunadigan terminal uskunalariga portativ va statsionar fuqarolik qurilmalari, shuningdek, samolyotlar, kemalar va avtomobillardagi terminallar kiradi. Ovoz, matnli xabarlar va maʼlumotlarni yuborish uchun sputnik aloqa tizimlariga kirish imkonini beruvchi har qanday qurilma qoidalar taʼsiriga tushadi.
Bundan tashqari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sputnik aloqa xizmatlarini ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya olish va hokimiyat organlarining ruxsatini olish majburiydir. Kompaniyalar o‘z infratuzilmasini (yer usti stansiyalari, maʼlumotlarni qayta ishlash tizimlari) Xitoy hududida joylashtirishi va maʼlumotlarni ruxsatsiz xorijiy sputnik stansiyalariga yuborishga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Loyihada qiyin hududlarda aloqani yaxshilash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarga javob berish uchun sputnik xizmatlaridan foydalanishga rag‘bat beriladi. Hujjatda sputnik xizmatlarining to‘g‘ri ishlashini taʼminlash va mamlakatda rivojlanish va xavfsizlik prinsiplariga rioya qilgan holda standartlar va tartibga solish mexanizmlarini joriy etish zarurligi taʼkidlanadi.
Leave a Reply