Microsoft kompaniyasi Windows 10 22H2 operatsion tizimi uchun ko‘p funksiyali qurilmalarda bosish muammolarini bartaraf etish, bosh menyuni takomillashtirish va boshqa bir qator xatolarni tuzatishga qaratilgan majburiy bo‘lmagan yangilash (KB5045594) chiqardi.
Yangilashning asosiy imkoniyatlari va o‘zgarishlari:
- Bosh menyu: Foydalanuvchi hisoblari bilan ishlash qulayroq bo‘ldi – endi foydalanuvchilarni boshqarish va tizimni bloklash funksiyalari turli bo‘limlarga ko‘chirildi.
- USB orqali ulangan ko‘p funksiyali qurilmalar: Printer hujjatlar o‘rniga tarmoq komandalarini bosib chiqarish muammosi bartaraf etildi.
- Skaner drayverlari: Skanerni USB orqali ko‘p funksiyali qurilmaga ulab drayverlarni o‘rnatishda yuzaga keladigan xato tuzatildi.
- Virtual kommutatorlar: Virtual mashinalarda yuklamani taqsimlash va SR-IOV texnologiyasidan foydalanilganda sistema to‘xtab qolishi muammosi bartaraf etildi.
- Windows 11 ga o‘tish: Sistemani yangi versiyaga yangilashda 0x3B kodi bilan tasodifiy xato yuzaga kelishi muammosi tuzatildi.
- Aktivatsiya raqamlari: Mahalliy oflayn aktivatsiya uchun yangi telefon raqamlari qo‘shildi.
- WebViyew2 ilovalari: Xbox 360 va Bluetooth kontrollerlaridan kiritilgan maʼlumotlarni aniqlash muammosi bartaraf etildi.
- Azure Virtual Desktop: Avtorizatsiya vaqtida qora ekran paydo bo‘lishi va sistemaning to‘xtab qolishi muammosi bartaraf etildi.
Yangilashni qanday o‘rnatish mumkin:
Yangilashni qo‘lda o‘rnatish uchun “Parametrlar” – “Yangilash va xavfsizlik” – “Windows Update” bo‘limiga kirib, “Yangilashlarni tekshirish” tugmasini bosing. Shuningdek, yangilashni Microsoft Update katalogidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuklab olish mumkin.
KB5045594 yangilashini o‘rnatilganidan so‘ng Windows 10 22H2 operatsion tizimining versiyasi 19045.5073 ga o‘zgaradi. Microsoft hozircha ushbu reliz bilan bog‘liq biror-bir muammo haqida xabar bermagan.
Muhim: Bu yangilash majburiy emas va uni o‘rnatish yoki o‘rnatishdan bosh tortish har bir foydalanuvchining ixtiyorida.
Leave a Reply