Telegram messenjeri platforma siyosati va qonunbuzarlik qiluvchi guruhlar va kanallarni bloklash haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qildi. Kompaniyaning rasmiy veb-saytida bu boradagi statistikaga oid maʼlumotlar berilgan.
2024 yilda 15,3 million guruh va kanal bloklangan. Shundan qarib 702 mingtasi bolalarga nisbatan jinsiy tajovuzga oid materiallar tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan jamoatlar, taxminan 129 mingtasi esa terroristik faoliyat bilan bog‘liq guruh va kanallardir. Bundan tashqari, 100 milliondan ortiq terroristik mazmundagi kontent o‘chirilgan.
Kompaniyaning veb-saytida xabar qilinishicha, Telegram har kuni o‘n minglab guruh va kanalni bloklab, millionlab taqiqlangan kontentni o‘chiradi. Aniqlangan buzilishlar orasida zo‘ravonlikka daʼvat qilish, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatga oid materiallar tarqatish va noqonuniy tovarlarni sotish bor.
Qayd etilishicha, moderatsiya jarayoni foydalanuvchilarning shikoyatlarini ishlash va proaktiv monitoring qilishdan iborat. 2015 yildan buyon ushbu choralar sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida amalga oshirib kelinmoqda. 2024 yilda Telegram sunʼiy intellektga asoslangan yangi vositalarni joriy etdi, bu esa taqiqlangan materiallarni aniqlash va bloklashning samaradorligini oshirdi.
Avvalroq, avgust oyida Telegramning asoschisi Fransiyada bolalarga nisbatan jinsiy tajovuzga oid rasmlarni tarqatish, narkotik moddalar savdosi va firibgarlik kabi jinoyatlarga aloqador tergov doirasida qo‘lga olingan edi. Bu voqeadan so‘ng Durov o‘z platformasini himoya qilib, uning anarxiyaligi haqidagi ayblovlar asossiz ekanini taʼkidlab, har kuni millionlab zararli post va kanallar o‘chirilishini aytgan edi.
Durov 5 million yevro kafilat evaziga qamoqdan ozod bo‘lgan. Kelishuvga muvofiq, u haftada ikki marta politsiya bo‘limiga borishi va sud jarayoni tugaguniga qadar Fransiya hududida qolishi shart.
6 dekabr kuni Parij sudida tadbirkor Telegram messenjerida moderatsiya yetarli darajada emasligi bo‘yicha ish bo‘yicha birinchi marta so‘roq qilindi, deb xabar qilgan 20Minutes nashri AFPga tayanib.
Durov o‘z advokatlari David-Olivye Kaminski va Kristof Ingren bilan birga sudga keldi. Tadbirkor batafsil izoh berishdan bosh torta turib, faqat Fransiya adliya tizimiga ishonadi dedi. Advokat Kaminski ayblov tomonining Durovni Telegram orqali sodir etilgan jinoyatlarda ayblashi absurd ekanini aytdi.
Leave a Reply