Olimlar inson miyasiga o‘xshash videoni tahlil qila oladigan sunʼiy intellekt yaratishdi. Scripps Research ilmiy instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan yangi MovieNet modeli murakkab harakatlanuvchi sahnalarni tanib olishda yuqori darajadagi aniqlikni namoyish etadi.
Anʼanaviy sunʼiy intellekt modellari statik rasmlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan bo‘lsa, MovieNet vaqt o‘tishi bilan bo‘ladigan murakkab o‘zgarishlarni tanib olish va talqin qila oladi. Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida eʼlon qilingan.
MovieNet tizimini yaratishda olimlar golovastik miyasining ishlash mexanizmlaridan foydalanishdi. Mutaxassislar bu maxluqlarning miyasidagi neyronlarning vizual maʼlumotlarni qanday qilib 100 dan 600 millisekundgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bir butunga birlashtirishini o‘rganishdi.
MovieNet tizimi sinovdan o‘tkazilganda golovastikning normal va anomal harakatlarini 82,3% aniqlik bilan ajrata oldi. Bu ko‘rsatkich odam va boshqa yetakchi Google kompaniyasining GoogLeNet sunʼiy intellekt modelining natijalaridan 18% va 10% yuqori bo‘ldi.
MovieNetning muhim ustunligi uning energiya samaradorligidir. Maʼlumotni asosiy ketma-ketlikka soddalashtirish orqali model anʼanaviy sunʼiy intellekt tizimlariga nisbatan ancha kam hisoblash resurslarini talab qiladi, shu bilan birga yuqori ishlash samaradorligini saqlab qoladi.
Texnologiya tibbiyotda yangi imkoniyatlar ochadi. MovieNet neyrodegenerativ kasalliklarni erta bosqichda aniqlashda, bemorlarning harakat faoliyatidagi inson ko‘zi bilan sezilmaydigan o‘zgarishlarni aniqlashda yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, tizim yangi dori-darmonlarni ishlab chiqish jarayonida hujayralarning dori vositalariga bo‘lgan reaksiyasini kuzatishga qodir.
MovieNetning qo‘llanilish potensiali, shuningdek, sunʼiy intellekt yo‘l harakati sharoiti va piyodalarning harakatlarini aniqroq tanib olish orqali xavfsizlikni yaxshilaydigan avtonomiyali harakatlanish tizimlarini ham o‘z ichiga oladi.
Ishlanmalar MovieNetning imkoniyatlarini kengaytirib, uni ekologiya monitoringi va yovvoyi tabiatni kuzatish kabi boshqa sohalarda qo‘llash rejalashtirilgan.
Leave a Reply