Avstriyalik NOYB (None Of Your Business) inson huquqlari himoya qilish guruhi Mozilla kompaniyasiga nisbatan Avstriya ma’lumotlarni himoya qilish idorasiga shikoyat qildi. Tashkilot Firefox brauzeri ishlab chiqaruvchisini foydalanuvchilarning saytlardagi xatti-harakatlarini ularning roziligisiz kuzatishda ayblamoqda.
NOYBning da’vosiga ko’ra, Mozilla brauzerga Privacy Preserving Attribution (PPA) deb nomlangan funksiyani qo’shgan bo’lib, bu guruhning fikricha, Firefoxni foydalanuvchilarni kuzatish vositasiga aylantiradi va bu haqda foydalanuvchilarga to’g’ridan-to’g’ri xabar berilmagan. Garchi bu texnologiya reklamaning tajovuzkorligini kamaytirishga qaratilgan bo’lsa-da, NOYBning fikricha, u Evropa Ittifoqi qonunchiligiga muvofiq foydalanuvchilarning shaxsiy hayotga bo’lgan huquqini buzadi.
Mozilla vakillari PPA ning cheklangan sinovi agressiv reklamaga texnik alternativlarni topish bo’yicha sa’y-harakatlarning bir qismi ekanligini ta’kidladilar. Kompaniya ta’kidlashicha, yangi usullar Mozilla yoki boshqa tomonlar tomonidan shaxsni aniqlash yoki faoliyatni kuzatishga imkon bermaydi. Biroq NOYBning fikricha, funksiyani standart sifatida yoqib qo’yish foydalanuvchilarning huquqini buzilishi hisoblanadi va foydalanuvchilar bunday tajribalarda qatnashishni xohlashlarini o’zlari hal qilishlari kerak.
NOYB ma’lumotlarni himoya qilish bo’yicha advokati Feliks Mikolas, “Mozilla kabi tashkilot foydalanuvchilarning o’zlari qaror qabul qila olmasligiga ishonishi achinarli”, dedi. Uning qo’shimcha qilishicha, funksiya standart sifatida o’chirilgan bo’lishi kerak, shunda foydalanuvchilar uning sinovida qatnashishni xohlashlarini o’zlari hal qilishlari mumkin.
NOYB Mozilla kompaniyasidan foydalanuvchilarni ma’lumotlarni qayta ishlash bo’yicha amalga oshirilayotgan harakatlari haqida xabardor qilishni, oldindan rozilik berish tizimiga o’tishni va millionlab foydalanuvchilarning noqonuniy ravishda qayta ishlangan ma’lumotlarini o’chirishni talab qilmoqda.
Ilgari, iyun oyida NOYB Alphabet kompaniyasiga nisbatan Chrome brauzeri foydalanuvchilarini kuzatishda ayblanib shikoyat qilgan edi. Umuman olganda, tashkilotning mavjud bo’lish davrida yirik texnologiya kompaniyalariga qarshi yuzlab shikoyatlar kiritilgan bo’lib, ularning ba’zilari katta miqdordagi jarimalarga olib kelgan.
Leave a Reply