Microsoft o’zining AI yordamchisi Copilotga foydalanuvchi tajribasini butunlay yangi bosqichga olib chiqadigan ilg’or xususiyatlarni qo’shdi. O’tgan dushanba kuni ikkita asosiy yangilik e’lon qilindi: Copilot Labs va Copilot Vision.
- Copilot Labs: Bu Microsoftning eng ilg’or AI mahsulotlarini ommaviy joriy etishdan oldin sinab ko’rish uchun mo’ljallangan bir turdagi sinov maydonchasi hisoblanadi. Labsning birinchi loyihasi – bu murakkab muammolarni bosqichma-bosqich hal qilish uchun mo’ljallangan “Think Deeper” (“Chuqurroq o’ylash”) funksiyasi bo’lib, u standart Copilotning imkoniyatlaridan ustun turadi. Ushbu texnologiya OpenAI’ning eng yangi o1-preview va o1-mini modellari asosida ishlaydi.
- Copilot Vision: Ushbu xususiyat AI yordamchisiga foydalanuvchi Microsoft Edge brauzerida ko’rib turgan veb-sahifalarning tarkibini “ko’rish” imkonini beradi. Ushbu funksiya faollashtirilganda, Copilot saytdagi kontentni tahlil qiladi va u haqida savollarga javob beradi.
Microsoft foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish masalasiga jiddiy e’tibor beradi. Shuning uchun Copilot Vision funksiyasini faollashtirish mutlaqo ixtiyoriydir. Kompaniya hech qanday audio yozuvlar, rasmlar, matnlar yoki dialoglar saqlanmaydi yoki AIni o’rgatish uchun ishlatilmaydi, deb kafolatlaydi. Bundan tashqari, dastlab Vision faqat oldindan tasdiqlangan veb-saytlar bilan ishlaydi va pullik hamda maxfiy kontentga kirishni bloklaydi.
Biroq, Microsoftning barcha harakatlari foydalanuvchilarni qoniqtirmayapti. Masalan, kompaniyaning oldingi mahsuloti bo’lgan Recall funksiyasi haqidagi salbiy fikrlar tufayli, ba’zi foydalanuvchilar o’zlarining faoliyatini kuzatish imkoniyatiga ega bo’lgan yordamchiga ishonchsiz qarashadi. Ayniqsa, agar bu ma’lumotlar bulutda qayta ishlash uchun yuborilsa.
Hozircha yangi funksiyalar Copilot Pro obunachilarining cheklangan doirasida mavjud bo’lib, ular oyiga 20 dollar to’laydilar. Bundan tashqari, “Think Deeper” funksiyasini faqat Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va AQShdagi obunachilar sinab ko’rishlari mumkin. Kompaniya asta-sekin yangi imkoniyatlarga kirishni kengaytirib bormoqda va innovatsion funksiyalar bilan mas’uliyatli yondashuv o’rtasida oltin meyorni topishga harakat qilmoqda.
Leave a Reply