Rossiyada Discord messenjeri 2024 yil 8 oktabrdan boshlab rasman bloklandi. Buning sababi platformaning Rossiya qonunchiligini, xususan, noqonuniy maʼlumotlar tarqatish bo‘yicha qonunbuzilishlarni takror-takror buzishidir. Xususan, vedomstvoning taʼkidlashicha, messenjer orqali terroristik va ekstremistik maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan materiallar, shuningdek, fuqarolarni jinoyatga targ‘ib qilish, narkotik moddalar sotish va boshqa noqonuniy harakatlar uchun materiallar tarqatilgan.
Roskomnadzor bir necha bor Discord’ga taqiqlangan materiallarni o‘chirish talabi bilan murojaat qilgan, ammo ularning katta qismi platformada qolib ketgan. Vedomstvo taʼkidlashicha, blokirovka messenjerdan Rossiyaning milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi maqsadlarda foydalanishni oldini olishga qaratilgan. Avvalroq Discord ekstremistik materiallarni o‘chirishdan bosh tortgani uchun 3,5 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan va Rossiya hukumatining bosimi ostida ishlashda muammolar yuzaga kelgan edi.
Bu qaror Rossiya hukumatining noqonuniy kontentga kirishni cheklash bo‘yicha qonunchiligiga rioya qilmaydigan raqamli platformalarni nazorat qilish bo‘yicha olib borayotgan siyosatining bir qismidir.
“Kommersant” gazetasi 27 sentabr kuni Discord messenjerining blokirovka qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Gazetaning manbasiga ko‘ra, oxirgi bir hafta ichida Roskomnadzor messenjerga qonunbuzilish haqida besh marta ogohlantirish yuborgan.
Leave a Reply